Murojaatlar vaqti: 9:00 - 17:00 (Dushanba - Shanba)
Toshkent turizm va madaniy meros texnikumi – 1979-yildan buyon turizm, mehmondo‘stlik va xizmat ko‘rsatish sohalari uchun yuqori malakali mutaxassislar tayyorlab kelayotgan nufuzli ta’lim muassasasidir. 46 yillik tajriba, zamonaviy o‘quv dasturlari, kuchli pedagogik jamoa hamda xalqaro va mahalliy hamkorlik tarmog‘i orqali minglab yoshlarning kasbiy yo‘lini belgilab berdi. Texnikum bugun ham raqobatbardosh kadrlar tayyorlash yo‘lida izchil faoliyat olib bormoqda.
Texnikum 46 yillik tarix, tajribali ustozlar va real amaliyot bazalariga ega. O‘quvchilar mehmonxona, restoran va turizm korxonalarida tajriba orttiradi. Dual ta’lim shakli esa o‘qish bilan birga ishlash va maosh olish imkonini beradi.
Maqsadimiz — turizm, servis, menejment va IT yo‘nalishlarida bilimli, mas’uliyatli va zamonaviy mutaxassislarni tayyorlash. Ta’lim jarayoni xalqaro talablarga mos olib borilib, har bir talabaga individual yondashuv ta’minlanadi.
Talabalar xalqaro va mahalliy oliygohlar bilan hamkorlikda o‘qishni 2-kursdan davom ettirish imkoniyatiga ega. Amaliy loyihalar, ishlab chiqarish amaliyoti va hamkor korxonalarda ish o‘rinlari bilan ta’minlanish — muhim ustunlik hisoblanadi.
Toshkent turizm va madaniy meros texnikumi dastlab ta’lim muassasasi sifatida 1979-yilda “Toshkent mehmonxona xo‘jaligi texnikumi” nomi bilan tashkillashtirilgan. Usha vaqtda mazkur texnikum ushbu ta’lim yo‘nalishdagi O‘rta Osiyoda yagona ta’lim muassasasi bo‘lgan. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2003-yil 29-oktyabrdagi “O’rta maxsus ta’lim tizimini takomillashtirish to‘g‘risida”gi 473-son qarori va o‘rta maxsus ta’lim Markazining 2004-yil 27-yanvardagi 16-sonli buyrug‘i bilan “Toshkent mehmonxona xo’jaligi texnikumi” “Toshkent mehmonxona xo’jaligi kasb-hunar kolleji” deb o‘zgartirilgan. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2009-yil 16-iyuldagi 202-son qarori bilan, shunigdek , o‘rta maxsus ta’lim Markazining 2009-yil 17-iyuldagi 166-sonli buyrug‘i bilan “Toshkent mehmonxona xo’jaligi kasb- hunar kolleji” “Toshkent turizm va biznes kasb- hunar kolleji” deb o‘zgartirilgan. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 6-sentyabrdagi 5812-son qarori bilan “Toshkent turizm va biznes kasb- hunar kolleji” O‘zbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish qo‘mitasi tasarrufiga o‘tkazilib, “Toshkent turizm va biznes kolleji” deb o‘zgartirilgan. Toshkent turizm va biznes kolleji O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 16-oktyabrdagi 158-son Farmoni bilan Toshkent turizm va madaniy meros texnikumi maqomiga ega bo‘ldi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 4-iyundagi 6199-son qarori bilan “Toshkent turizm va biznes kolleji”, “Ipak yo‘li” turizm va madaniy meros xalqaro universiteti huzuriga o‘tkazilgan. “Toshkent turizm va biznes kolleji” o‘z ta’lim faoliyati davomida xalq xo‘jaligining turli tarmoqlari uchun “Turizm”, Mehmonxona xo‘jaligi”, “Sartaroshlik san’ati”, “Buxgalteriya” va “Umumiy ovqatlanish” mutaxassisliklari bo‘yicha kadrlar tayyorlab kelmoqda. Toshkent turizm va madaniy meros texnikumi o‘zining 45-yillik faoliyati davomida turli mutaxassisliklar bo‘yicha 4228 – nafar bitiruvchiga hayotga yo‘llanma bergan. Hozirda texnikumimiz bitiruvchilari O‘zbekiston Respublikasi xalq xo‘jaligining xizmatlar, biznes va tadbirkorlik kabi sohalarida muvaffaqiyat bilan mehnat qilib kelishmoqda. Bizning texnikumimiz bir nechta xorijiy ta’lim muassasalari bilan hamkorlik aloqalarini o‘rnatgan jumladan, Boshqirdiston Davlat Universiteti, “Boshqirdistonning UGNTU qoshidagi Turizm va servis instituti”, “Astana xalqaro iqtisodiyot va moliya instituti”, Xitoyning “Jiangxi Fenglin College of Foreign Economy& Trade” kolleji, “Sankt Peterburg Turizm va mehmonxona servisi kolleji”, 8-sonli kasb -hunar kolleji (Qozog’iston), 13-sonli kasb-hunar kolleji (Qozog’iston).